Bu yil hisobiga o’qigan sakkizinchi badiiy kitobim.(maqtanib qo’yay) Asar juda zo’r yozilgan, yozuvchining mahoratiga qoyil qolmay iloj yo’q. Bir jihatdan Kamyu ijodi ham Dostoyevskiy ijodiga o’xshashib ketar ekan. Buni asarni o’qish jarayonidagi ba’zi fikrlardan bilib oldim, desam mubolag’a bo’lmaydi.
Xullas, kitob Oran shahriga qanday vabo balosi yog’ilgani voqeasi bilan boshlanadi. Shahardagi kalamushlar o’la boshlaydi. Doktor Bernar Rie va uning atrofidagilar bundan tashvishga tushadilar. Vaboning birinchi qurboni Riening uyida ishlaydigan qorovul bo’lib chiqadi, u Riening ko’z oldida jon beradi. Shu bilan vabo shaharga tarqab, ko’plab odamlarni o’ldira boshlaydi…
Vabo…Qanchalar mudhish hodisa. U shusiz ham yorqin ranglar bo’lmagan shaharning soxta tarovat sharpasini tortib oladi. Insonlar shusiz ham baxtsizlik hukmron bo’lgan shaharda yana bir ko’rinmas g’anim—vabo bilan kurasha boshlaydilar. Doktor Rie odamlarni qutqarish uchun ko’p narsalar qiladi. Muallif ushbu manzarani shunday tasvirlaydiki, u xuddiki yoningizda yuz berayotgandek… O’liklar shunchalik ko’pligidan, ularga kafan ham, tobut ham, kerak bo’lsa, ko’mgani joy ham topilmay qoladi. Qotib-quruqshagan o’nlab murdalarni bitta qilib ko’mib yuborishadi.
Asarda o’lim manzaralari sezilarli darajada tasvirlangan. Meni ta’sirlantirgan hodisa shahar tergovchisining kichkina o’g’ilchasi Jakning vabo bilan uzoq olishib, Riening ko’z oldida jon bergani bo’ldi. Rie va uning kasbdoshlari insonning o’lim bilan bo’lgan so’nggi kurashini bu darajada yaqinda ko’rmagan edilar.
Muallif go’yoki shaharni yengib bo’lmas qudrat — O’lim bilan olishuvga tashlaydi. Cherkov rohibi Hazrat Panlyu, janob Tarru, Ramber, Kottar, Gran kabi personajlar nigohida siz chinakam vabo bilan burkangan Oran shahri atmosferasini his qilasiz.
Vabo ularni chinakamiga sinovdan o’tkazdi. Ularda umidlar so’ngan, ularda kutishga majol qolmagan. Baxt, sevgi, kulgi nimaligini allaqachon unutgan edilar. O’z juftidan yiroqda bo’lgan odamlar matonat ko’rsatish kerakligini hammadan ko’ra yaxshiroq tushunardilar.
Ramber ismli muxbir Oranga vabo boshlanmasdan oldin tasodifan kelgan edi. Ammo shaharda epidemiya boshlangach, u yerdan chiqa olmay qoladi. Shunda u boshqa yo’llarni sinab ko’radi, iloji boricha bu Xudo qarg’agan yerlardan ketmoqchi bo’lib yuradi. Ammo doktor Rie ning ham rafiqasi boshqa shaharda ekanini eshitib, endi uning o’zi istaydimi-yo’qmi, shu shaharning odami bo’lib qolganini tushunadi va qolishga qaror qiladi.
Dostoyevskiy ijodi bilan Kamyu ijodini bekorga solishtirmadim. Bilasizki, Dostoyevskiy inson va uning tirikligini alohida ulug’lagan edi. Kamyuning ushbu romanida ham bu holat seziladi. Asar qahramoni janob Tarru yoshiligida otasi prokuror bo’lgan edi. U bir kuni Tarruni ham sudga olib boradi. Tarru o’sha yerda otasining zo’r berib bir jinoyatchini qoralashini, uni o’limga hukm etishni talab qilganini ko’rib hayron qoladi. Bu voqea Tarruni shunchalik ta’sirlantiradiki, u bir yildan so’ng uyini tark etadi.
Ko’rinib turibdki, insonning hayotini majburan tortib olish, hatto u gunohkor bo’lishidan qat’iy nazar, yomon va xunuk hodisa.
O’qinglar.