Kechagina oktyabr oyini yakunlab bergan Kafka va uning “Evrilish”i haqida ikki-uch ogʻiz soʻz aytmoqchiman. Balki bu hajm kamlik qilar, albatta, shunday. Chunki Kafka haqida “…shunoslar” va kitobxonlar yillab gapirgan va gapirishmoqda. Aynan mana shu tomchi-tomchi fikrlardan hosil boʻlgan okeanga men oʻz zarralarimni qoʻshib ketaman.
“Evrilish” u bilan birinchi marta duch kelgan odamga shafqat qilmaydi. Birgina shu hikoya Kafka haqida ilk taassurot hosil qilish uchun yetarli boʻldi menga. Asar odamning hasharotga aylanishidan boshlanib, to tugagunga qadar bu davom etadi. Bechora (unga qisman shu sifat mosroq) Gregor Zamza oʻzining tushib qolgan gʻalati holatini tushunmaydi, buning sababini ham bilishga qiziqmaydi, negadir unchalik vahimaga ham tushmaydi. Xuddiki, u bunga bir qancha vaqtlar davomida bu evrilish uchun tayyor boʻlib kelgandek. Bu holat bilan bir insonning qanday qilib insonlikdan chiqib qolishi va unga qaytolmasligi Kafka tomonidan juda ayanchli koʻrsatib berilgan. Odam bu voqeani kuzatib turib, oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoladi, na achinishini, na voz kechishini, na yordam koʻrsatishni va na hamdard boʻlishni biladi. Zamzaning oilasi aynan shunday holga tushgan edi. Ular oʻz suyukli farzandining (avval shunday boʻlgan edi) mashʼum ahvolini avvaliga esankirab, qabul qila olmaydilar. Keyin esa unga koʻnikadilar. Koʻnikishdan battar, uni keraksiz buyumga chiqarib qoʻyadilar. Boʻlmasamchi, axir u endi jirkanch qoʻngʻiz edi. Kim ham buni qabul qila olardi?
Zamza endi ular uchun keraksiz chiqindi edi. Oila aʼzolari uni har kuni uy shiftining bir chetida turib qolib, koʻngilni xira qiladigan qurumdek koʻra boshlaydilar. Munosabatlar oʻzgaradi, bir paytlar oilada mavjud boʻlgan “suyukli oʻgʻil” maqomi deyarli gʻoyib boʻlgan edi, ammo uni bittagina zaif ip tutib turardi: u ham boʻlsa, yuz-xotir masalasi xolos. Ammo bu tuygʻu Zamzani oʻz oilasida ushlab qolish uchun unchalik ham kuchli emas edi. Bir kun kelib bu ip ham uzilar, yoki yanayam boshqa iplar bilan mustahkamlanar edi. Asar oxirida bu ikki yoʻldan qaysi biri amalga oshganligini kitobni oʻqiganlar yaxshi biladi.
Bu moʻjaz va dahshatli asarni oʻqib, chetga qoʻyar ekanman, gʻalati bir hislar koʻnglimni chulgʻab oldi, oʻzimga savol berib koʻrdim: “Toʻxta, men ham bir hasharotga aylanmayapmanmi?” Menimcha, hali beri yoʻq. Balki bilolmasman, balki oʻsha payt kelganda buni bilarman, balki aylanib boʻlganimdan keyin, ammo unda sizlarga aytolmasam, aytsam ham sizlar tushunmasangiz kerak.
Kafka dunyoning kir joylarini koʻra olgan ekan, faqatgina irkit kirlikni koʻrgan boʻlsa ham ajab emas. U bizga mana shu dunyoning asl qiyofasi deb oldimizga tayyor tasvirni olib kelib tashlaganda, uni koʻtarolmadik, biz ham dahshat va qoʻrquv iskanjasida qoldik. Chunki koʻzimiz doim goʻzallikni qidirardi, unda umid bor edi-da. Kafka esa oʻsha umidni qoʻngʻizni bir ezib, pachaqlagandek, oʻldirib tashladi. Balki bizga shu bilan uni yangitdan taqdim qilgandir?
Kafkani asarlarini birlashtirib turadigan narsa bor. Oila tomonidan yolgʻizlikka mahkum qilingan farzand obrazi. Bu muallifning oʻzi. U koʻp joylarda buni taʼkidlagan yoki ishora qilgan. Hatto “Evrilish” da ham koʻrsa boʻladi. “Otamga maktub” asaridan Kafkaning otasi bilan munosabatlari unchalik ham yaxshi boʻlmaganini bilib olishimiz mumkin. U ham shu hayotni orzu qilgan, ammo yetisholmagan. Buning ustiga unda katta qoʻrquv bor edi.
Xullas, shunaqa gaplar. Kafka bilan obsessed holatim kecha asarni tugatganimda boshlandi, endi bu butun umr davom etsa kerak.
O’qinglar