Dante Aligyeri “Ilohiy komediya”sining birinchi qismi — “Do‘zax” — diniy dunyoqarash asosida yozilgan bo‘lsa-da, uni shunchaki gunohkorlarning narigi dunyodagi jazolari haqida hikoya qiluvchi asar deb tushunish juda yuzaki qarash bo‘ladi. Dante bu asarda butun insoniyatning axloqiy tabiatini, insonning nafsga, hokimiyatga, shahvatga, boylikka, g‘azabga, aldovga va xiyonatga qanday qilib qul bo‘lib qolishini tasvirlaydi. Do‘zaxning har bir qavati aslida inson tabiatining boshqa bir qatlamidir. Dante bizni u yerga qo‘rqitish uchun emas, balki insonning o‘zida nimalar yashiringanini ko‘rsatish uchun olib kiradi.
Dante do‘zaxni shunchaki o‘liklar jazolanadigan joy sifatida emas, inson o‘z hayoti davomida qilgan tanlovlari, nafsga bergan hukmi, aqlini qanday ishlatgani va boshqa insonlarga qanday munosabatda bo‘lganining oxirgi natijasi sifatida tasvirlaydi. Bu yerda har bir gunohning o‘z joyi, har bir jinoyatning o‘z jazosi, har bir insonning esa o‘z hikoyasi bor. Eng muhimi, Dante o‘quvchini do‘zaxga tomoshabin sifatida kiritmaydi. U bizni gunohkorlar orasidan olib o‘tib, oxir-oqibat o‘zimizga qarashga majbur qiladi.
Kirish
Dante “Do‘zax”ni boshlaganida biz hali do‘zaxning o‘zida emasmiz.
Avval qorong‘i o‘rmon bor.
Bu o‘rmon oddiy o‘rmon emas. Dante hayot yo‘lining o‘rtasida o‘zini yo‘qotib qo‘ygan. U qayerdan kelganini, qanday qilib bu yerga tushib qolganini aniq bilmaydi. Atrof qorong‘i. Yo‘l yo‘q. Oldinda uchta yirtqich hayvon turibdi.
Menimcha, asarning butun falsafasini tushunish uchun aynan shu joydan boshlash kerak.
Chunki Dante uchun do‘zaxga tushish o‘limdan keyin boshlanmaydi.
Do‘zaxga tushish inson o‘z yo‘lini yo‘qotgan paytdan boshlanadi.
Inson tirik bo‘lishi mumkin, atrofida odamlar bo‘lishi mumkin, o‘qishi, ishlashi, kulishi, ovqatlanishi, sevishi mumkin. Ammo shularning orasida o‘zining nima uchun yashayotganini, qayerga ketayotganini va nimaga aylanishni xohlayotganini yo‘qotib qo‘ysa, u allaqachon qorong‘i o‘rmondadir.
Dante o‘zini aynan shunday holatda topadi.
Bu yerda uning yoshiga ham e’tibor berish kerak. U hayotining “o‘rtasi”da. Ya’ni bu yoshga kelib, inson bolalikdagi sodda tasavvurlar bilan yashashdan chiqib, o‘z hayotining ma’nosi va yo‘nalishi haqida jiddiy o‘ylay boshlaydigan davrga kelgan.
Dante yo‘lini yo‘qotadi.
Va undan chiqish uchun unga yo‘l ko‘rsatuvchi kerak bo‘ladi.
Shu paytda Vergiliy paydo bo‘ladi.
Vergiliy — qadimgi Rimning buyuk shoiri, “Eneida” muallifi. Dante uni shunchaki adabiy qahramon sifatida emas, aql, bilim, insoniy tafakkur va klassik donolikning timsoli sifatida olib kiradi.
Bu juda muhim o’rtoqlar
Dante qorong‘ilikdan chiqish uchun avvalo aqlga murojaat qiladi.
Ammo Vergiliy hamma narsaga qodir emas.
U Dantega yo‘l ko‘rsatadi.
Uni do‘zaxdan olib o‘tadi.
Ammo oxirgi najotni bera olmaydi.
Bu orqali Dante go‘yo inson aqli juda buyuk kuch ekanini, lekin uning ham chegarasi mavjudligini aytayotgandek. Aql insonni yo‘ldan chiqarishi mumkin bo‘lgan narsalarni ko‘rsatadi. Ammo insonning oxirgi ma’naviy najoti faqat aql bilan hal bo‘lmaydi. Shu tariqa ikki shoir — biri tirik, biri allaqachon o‘lgan — g‘ayritabiiy sayohatga chiqadi. Dante tirik inson sifatida do‘zaxni ko‘radi. Bu ham asarning asosiy paradokslaridan biri. O‘lganlar o‘z taqdirini o‘zgartira olmaydi. Dante esa hali tirik. Demak, u hali tanlay oladi. xali umid bor..
Do‘zax darvozasiga kelganda Dante oldida butun sayohatning ruhini belgilab beradigan ogohlantirish turadi: Bu yerdan kirgan odam umidni tashqarida qoldirishi kerak
(Lasciate ogne speranza, voi ch’intrate)
Bu oddiy qo‘rqitish emas. Umidning yo‘qolishi — inson uchun eng dahshatli holatlardan biri. Og‘riqni chidash mumkin. Agar uning oxiri borligini bilsang, hatto eng katta azobga ham chidash mumkin. Ammo azob abadiy bo‘lsa-chi? Mana Dantening do‘zaxi aynan shuning uchun qo‘rqinchli. Bu yerda inson “bir kun kelib hammasi tugaydi” deb o‘zini ovuta olmaydi. Bu yerda vaqt yo‘q. Kelajak yo‘q. O‘zgarish yo‘q. Faqat abadiy takrorlanadigan jazo bor. Ammo Dante do‘zaxga kirishdan oldin yana bir muhim guruhni ko‘rsatadi — hayotida hech qachon hech qanday axloqiy pozitsiyani tanlamaganlar. Ular na yaxshilik tarafida, na yomonlik tarafida. Shunchaki o‘z manfaatlari bilan yashagan. Bu odamlar do‘zaxning asosiy doiralariga ham loyiq ko‘rilmaydi. Ular hech narsani tanlamagan odamlar sifatida qoladi. Bu menga Dantening inson haqidagi eng keskin fikrlaridan biri bo‘lib tuyuladi: inson faqat qilgan ishlari bilan emas, qilmagan tanlovlari bilan ham javobgardir. Ba’zan yomonlik qilishdan ham ko‘ra dahshatliroq narsa — yomonlik oldida mutlaqo befarq turish. Inson “mening ishim emas” deb yashashi mumkin. Ammo Dante nazarida bunday betaraflikning o‘zi ham axloqiy tanlovdir. Shundan so‘ng Dante haqiqiy do‘zaxga kiradi.
Birinchi doira — Limbo
Birinchi doira boshqa doiralardan butunlay farq qiladi. Bu yerda dahshatli qiynoqlar, qichqiriqlar yoki qonli manzaralar yo‘q. Bu yerda qadimgi dunyoning buyuk odamlari bor. Ular axloqsiz odamlar emas. Aksincha, Dante ularning ko‘pchiligini ulug‘laydi. Homer, Horatsiy, Ovidiy, Lukretsiy kabi shoirlar, Aristotel, Suqrot, Aflotun kabi faylasuflar, boshqa buyuk tarixiy shaxslar shu yerda. Ular aql va fazilatga ega bo‘lgan, ammo Dantening xristian teologik dunyoqarashida najot uchun zarur bo‘lgan imondan tashqarida qolganlar. Bu juda g‘alati va achchiq paradoks. Inson dono bo‘lishi mumkin. Yaxshi bo‘lishi mumkin. Adolatli bo‘lishi mumkin. Buyuk asarlar yaratishi mumkin. Ammo Dante tasavvuridagi ilohiy tartibda bu hali najot uchun yetarli emas. Shuning uchun Limbo’dagi jazo olov emas. Yo‘qlik ham emas. Eng og‘ir narsa — yetishmaslik. Ular baxtsizlikdan qichqirmaydi. Ular abadiy intizorlikda qoladi. Go‘yo inson uchun eng og‘ir azob ba’zan og‘riq emas, balki nimadir unga abadiy yetishmasligidir. Bu qismni o‘qiganda Dantening xristian dunyoqarashi bilan insoniy hayotning murakkabligi o‘rtasidagi ziddiyat juda yaqqol ko‘rinadi.
Ikkinchi doira — Shahvat
Keyin Dante va Vergiliy Minos oldiga keladi. Minos har bir ruhning gunohini eshitadi va uning qaysi doiraga tushishini belgilaydi. Ikkinchi doirada shahvatga berilganlar bor. Ularning jazosi — kuchli shamollar ichida tinimsiz uchib yurish. Bu contrapassoning juda yaxshi misoli. Hayotida o‘z nafsining shamoliga ergashgan odam endi abadiy shamolga uloqtiriladi. U hayotida o‘zini boshqara olmagan. Endi esa hech narsani boshqara olmaydi. Bu doirada Dante Paolo va Francesca bilan uchrashadi. Ularning hikoyasi asarning eng insoniy va eng og‘riqli sahnalaridan biri. Ular bir-birini sevib qolgan. Ammo bu muhabbat ularni gunohga olib kelgan. Dante ularning hikoyasini tinglaydi. Va bu yerda juda g‘alati narsa sodir bo‘ladi: Dante ularni hukm qilishi kerak bo‘lgan joyda ularga achinadi. Ularning hikoyasi Danteni larzaga soladi. Bu epizod menga juda muhim tuyuladi. Chunki Dante o‘quvchini “gunohkor” va “inson” degan tushunchalarni bir-biridan butunlay ajratib bo‘lmasligini anglashga majbur qiladi. Inson gunoh qilishi mumkin. Ammo gunohkor bo‘lgan odamning ham hislari bor. Uning xotiralari bor. Uning sevgisi bor. Uning o‘z hikoyasi bor. Shuning uchun hukm qilish oson. Tushunish esa ancha qiyin.
Uchinchi doira — Ochko‘zlik
Bu yerda gunohkorlar iflos, sovuq yomg‘ir va loy ichida yotadi. Ularni Cerberus — uch boshli mahluq qo‘riqlaydi. Hayotida ovqat, ichimlik va jismoniy lazzatni me’yoridan oshirib yuborgan odamlar endi ifloslik ichida qoladi. Bu yerda Dante yana bir narsani ko‘rsatadi: inson o‘z nafsining xo‘jayinimi yoki uning qulimi? Ovqat yomon emas. Boylik yomon emas. Shahvatning mavjudligi ham tabiiy. Muammo — inson o‘z istaklarini boshqara olmay qolganida boshlanadi. Dantening gunoh haqidagi tasavvurida hamma narsani butunlay rad qilish emas, balki me’yorni yo‘qotish muhim. Inson nimanidir xohlashi mumkin. Ammo xohish insonning o‘zidan kattaroq bo‘lib qolsa, u endi istak emas — qullik. To‘rtinchi doira — Ochko‘zlik va isrof Bu doirada bir-biriga qarama-qarshi ko‘ringan ikki guruh uchraydi: boylikni haddan tashqari yig‘ganlar va boylikni haddan tashqari sovurganlar. Ular ulkan og‘ir yuklarni bir-biriga qarab itaradi.
Bir tomon:
“Sen nega yig‘ding?”
ikkinchisi:
“Sen nega sovurding?”
deyayotgandek.
Va ular abadiy bir xil harakatni takrorlaydi. Bu yerda Dante boylikning o‘zini emas, unga bo‘lgan munosabatni tanqid qiladi. Boylik vosita bo‘lishi kerak edi. Ammo inson uni maqsadga aylantirib qo‘yadi. Shunda vosita egasini boshqara boshlaydi.
Beshinchi doira — G‘azab
Stiks botqog‘i. G‘azablanganlar loy ichida urishadi. Boshqalar esa ichiga g‘azabini yutib, hech qachon ifoda qilmagan holda loy ostida bo‘g‘ilib yotadi. Bu juda qiziq. Dante g‘azabni faqat baqirib-chaqirish sifatida ko‘rmaydi. Ichga yutilgan g‘azab ham insonni yemirishi mumkin. Tashqarida jim. Ichkarida esa doimiy urush. Dante va Vergiliy keyin Dis shahri tomon boradi. Bu joydan boshlab do‘zaxning yanada chuqur va ongli jinoyatlar bilan bog‘liq qismi boshlanadi. Dis darvozasida ular qarshilikka duch keladi va oxir-oqibat ilohiy kuchning aralashuvi bilan eshik ochiladi.
Oltinchi doira — Bid’at
Dis ichida yonayotgan qabristonlar paydo bo‘ladi. Bu yerda o‘zlarining e’tiqodiy qarashlari bilan xristian ta’limotiga qarshi chiqqan bid’atchilar yotadi. Ularning qabrlari ochiq. Ichida olov. Bu jazo ham juda ramziy. Ular tiriklikda o‘limdan keyingi hayotni inkor qilgan. Endi esa o‘zlarining “abadiy joylashuvi”ni ochiq qabr ichida boshdan kechiradi. Bu yerda Dante yana bir bor insonning o‘z fikrlariga qanday munosabatda bo‘lishi masalasini o‘rtaga qo‘yadi. Fikrga ega bo‘lish boshqa. Haqiqatni mutlaq o‘ziniki deb bilish boshqa. Dante uchun bid’at shunchaki “noto‘g‘ri fikr” emas, ilohiy haqiqatga qarshi ongli pozitsiyadir. Ammo bu yerda Dante yana siyosiy va falsafiy suhbatlarga ham kiradi. Farinata degli Uberti bilan uchrashuv shularning eng mashhurlaridan. U hatto do‘zaxning o‘zida ham mag‘rur U Dante bilan siyosat, Florensiya va tarix haqida gaplashadi. Bu odam jazolangan, lekin sindirilmagan. Shu orqali Dante xarakterning naqadar chuqur narsaga aylanishini ko‘rsatadi. Insonning odatlari, g‘ururi va dunyoqarashi uni o‘limdan keyin ham “ta’qib qiladi”.
Yettinchi doira — Zo‘ravonlik
Bu doira uch qismga bo‘linadi. Birinchi qism — boshqalarga nisbatan zo‘ravonlik qilganlar. Ular qaynoq qonli daryoda jazolanadi. Kim qancha zo‘ravonlik qilgan bo‘lsa, shunga yarasha chuqurlikda turadi. Ikkinchi qism — o‘ziga zo‘ravonlik qilganlar. Bu yerda o‘z joniga qasd qilganlar daraxtlarga aylangan. Ularning tanasi endi o‘zlariga tegishli emas. Daraxtlar osib qo’yilgan xolda turishadi, qonaydi, gapiradi. Bu juda g‘alati va dahshatli tasvir. Inson tirikligida o‘z tanasiga qarshi chiqadi. Endi uning insoniy tanasi unga qaytarilmaydi. Ular oxirida daraxtga aylanadi. Ammo bu daraxt ham tinch emas. Uni shoxlarini kesishadi. Uni jarohatlashadi. Demak, Dante o‘z joniga qasd qilishni faqat diniy jinoyat sifatida emas, insonning o‘z mavjudligiga qarshi qilgan eng keskin zo‘ravonligi sifatida ko‘rsatadi. Uchinchi qismda esa Xudoga, tabiatga va san’atga qarshi zo‘ravonlik qilganlar bor. Bu yerda Dante o‘z davrining axloqiy, diniy va iqtisodiy qarashlarini bitta tizimga joylashtiradi. Bu doirada yana Brunetto Latini bilan uchrashuv bor. Bu Dante uchun juda shaxsiy uchrashuv. Brunetto uning ustozlaridan biri bo‘lgan. Dante uni hurmat qiladi. U bilan suhbatlashadi. Bu yana bir bor bizni noqulay vaziyatga tushiradi. Chunki Dante “gunohkor” deb belgilagan odamga nisbatan ham shaxsiy hurmatini yo‘qotmaydi. Demak, Dante uchun bir insonni axloqiy jihatdan hukm qilish bilan uning insoniy qadrini butunlay yo‘q qilish bir xil narsa emas. Bu juda nozik farq.
Sakkizinchi doira — Firibgarlik
Mana shu joydan Dantening do‘zaxi yanada murakkablashadi. Sakkizinchi doira — Malebolge — o‘nta chuqur xandaqqa bo‘lingan. Bu yerda turli xil firibgarlar joylashgan. Nega firibgarlik zo‘ravonlikdan ham chuqurroq? Chunki firibgarlik insonning aqlidan foydalanadi. Sen birovni kuch bilan urishing mumkin. Ammo firibgarlikda sen uning ishonchidan foydalanasan. U seni odam deb qabul qiladi. Sen esa aynan uning insoniy ishonchini qurolga aylantirasan. Shu sababli Dante firibgarlikni juda jiddiy gunoh deb biladi. Bu yerda panders va seducers, flatterers, simonists, fortune-tellers, corrupt politicians, hypocrites, thieves, fraudulent counsellors, sowers of discord va falsifiers kabi turli guruhlar bor. Har birining jazosi alohida. Va deyarli hammasida bir xil tamoyil ishlaydi: inson hayotida qanday yolg‘on yashagan bo‘lsa, do‘zaxda uning yolg‘oni o‘zining jazosiga aylanadi. Masalan, kelajakni ko‘rishga urinib, odamlarni aldagan folbinlarning boshlari orqaga burilgan. Ular hayotida oldinga qarashga urinardi. Endi esa oldinga qaray olmaydi.
Bu — contrapasso.
Jazo shunchaki qiynash uchun berilmaydi. U gunohning ichki mohiyatini ochib beradi.
Sakkizinchi doirada Simon Magus va cherkovdagi korrupsiya bilan bog‘liq odamlar ham bor. Bu yerda Dante diniy hokimiyatni juda keskin tanqid qiladi. U uchun din — hokimiyat vositasiga aylangan paytda o‘zining muqaddasligini yo‘qotadi. Ruhiy narsalarni pulga aylantirish — Dante uchun juda og‘ir jinoyat. Bu yerda shoirning o‘z davridagi siyosiy va diniy tizimga qarshi noroziligi juda yaqqol ko‘rinadi. Dante faqat oddiy odamlarni do‘zaxga tashlamaydi. U ruhoniylarni ham tashlaydi. Hokimiyat egalarini ham. Siyosatchilarni ham. Va bu jihatdan “Do‘zax” ma’lum ma’noda Dante yashagan jamiyat ustidan chiqarilgan ulkan hukmga o‘xshaydi.
Sakkizinchi doiraning eng mashhur obrazlaridan biri — Uliss.
Ulissning fojiasi men uchun asarning eng falsafiy qismlaridan biri. Uning istagi — bilish. Ko‘rish. Dunyoni anglash. Chegaralarni buzish. Bir qarashda bularning barchasi buyuk insoniy fazilatlarga o‘xshaydi. Ammo Dante savol beradi: Bilishga bo‘lgan istakning chegarasi bormi? Inson hamma narsani bilishi kerakmi? Inson o‘z imkoniyatlarini tekshirish uchun hamma chegarani buzishi mumkinmi? Uliss o‘zining aqliga haddan tashqari ishongan. U bilim va tajriba uchun belgilangan chegaralarni buzadi. Va oxir-oqibat halokatga uchraydi. Bu yerda Dante bilimning o‘zini yomon demaydi. U aqlning axloqdan ajralib qolish xavfini ko‘rsatadi. Aql kuch. Ammo kuchning o‘zi yaxshilik emas.
Keyin Dante va Vergiliy sakkizinchi doiraning boshqa bo‘limlaridan o‘tadi. Odamlar o‘zini oqlash uchun yolg‘on gapiradi. O‘z manfaatlari uchun boshqalarni sotadi. Yolg‘on maslahat beradi. Boshqalarni bir-biriga qarshi qo‘yadi. Odamlar orasiga nifoq soladi. O‘zining haqiqiy yuzini yashiradi. O‘zga odamning narsasini o‘g‘irlaydi. O‘zini boshqa birov qilib ko‘rsatadi. Va Dante bularning barchasini bitta ulkan tizimga joylashtiradi. Shunda tushunamiz:
Do‘zaxdagi eng dahshatli mavjudotlar har doim ham mahluq emas. Ba’zan eng dahshatli narsa — odamning odamga bo‘lgan ishonchini buzishi.
To‘qqizinchi doira — Xiyonat
Va nihoyat eng tub qatlamga tushamiz. Bu yerda olov yo‘q. Bu yerda muz bor. Cocytus — ulkan muzlagan ko‘l. To‘qqizinchi doira to‘rt qismga bo‘linadi: qarindoshlariga xiyonat qilganlar — Caina; vatani yoki siyosiy tomoniga xiyonat qilganlar — Antenora; mehmon yoki mehmondo‘stlikka xiyonat qilganlar — Ptolomea; o‘z homiysi va benefaktorlariga xiyonat qilganlar — Judecca. Bu yerda Dante gunohlarning ierarxiyasini eng yuqori nuqtaga olib keladi. Nega xiyonat eng tubda? Chunki xiyonat zo‘ravonlikdan ham boshqa narsa. Zo‘ravonlikda sen dushmaningga hujum qilasan. Xiyonatda esa sening oldingdagi odam senga ishongan. U seni xavf deb bilmagan. U senga eshik ochgan. Sen esa uning ochgan eshigidan kirib, uni ichkaridan yo‘q qilgansan. Demak, xiyonat — ishonchning o‘ldirilishi. Va insonlar orasidagi eng ilohiy rishtalarni buzadi.
Bu yerda Count Ugolino bilan uchrashamiz.
Uning hikoyasi butun asardagi eng dahshatli hikoyalardan biri. U minoraga qamab qo‘yiladi. Ochlik. Umidsizlik. Farzandlarining azobi. Va oxir-oqibat o‘lim. Ammo Dante bu voqeani oddiy tarixiy fojia sifatida emas, xiyonatning dahshatli oqibati sifatida beradi. Ugolino hikoyasining kuchi shundaki, u o‘quvchida nafrat va achinishni bir vaqtning o‘zida uyg‘otadi. Dante bizni yana o‘sha eski muammoga qaytaradi: Gunohkorning o‘zi ham jabrdiyda bo‘lishi mumkinmi? Inson bir vaziyatda aybdor, boshqa vaziyatda qurbon bo‘lishi mumkinmi? Dante uchun javob oddiy emas. Inson bitta yorliq bilan tushuntirib bo‘lmaydigan mavjudot.
Ptolomeada esa mehmonlariga xiyonat qilganlar bor.
Bu ayniqsa qiziq. Chunki qadimgi dunyoda mehmon va mezbon o‘rtasidagi munosabat muqaddas hisoblangan. Uyiga kirgan odamni himoya qilish kerak. Ammo kimdir aynan shu ishonchdan foydalanadi. Shuning uchun ularning jazosi muz bilan bog‘liq. Ularning ko‘z yoshlari muzlab qoladi. Go‘yo insonning ichidagi hissiyot ham muzga aylanadi.
Va nihoyat Judecca.
Bu yerda o‘z benefaktorlariga, ya’ni ularga eng katta yaxshilik qilganlarga xiyonat qilganlar butunlay muzga qotib qolgan. Bu do‘zaxning eng tub qismi. Bu yerda harakat deyarli yo‘q. Ovoz yo‘q. Issiqlik yo‘q. Hayot yo‘q. Va aynan shu joyda Dante do‘zaxning eng katta sirini ochadi: Eng tub yovuzlik — nafratning olovi emas. Mehrning butunlay yo‘qligidir.
Lyutsifer
Va nihoyat Dante Lyutsiferni ko‘radi. U biz tasavvur qilganimizdek ulkan erkin hukmdor emas. U muzga qotib qolgan. Uning uchta yuzi bor. Uning uchta og‘zi esa uchta eng mashhur xoinni chaynaydi: Yahudoni, Brut va Kassiylarni. Bu yerda Dante yana bir buyuk paradoks yaratadi. Do‘zaxning hukmdori deb tasavvur qilinadigan Lyutsiferning o‘zi ham ozod emas. U ham mahbus. U o‘zining muzlagan holatida qamalgan. U qanotlarini qoqadi. Ammo aynan shu qanotlar havoni harakatlantirib, muzning yanada kuchayishiga sabab bo‘ladi. Go‘yo u o‘zini o‘zi qamab qo‘ygan. Bu menga asardagi eng kuchli ramzlardan biri bo‘lib tuyuladi. Yovuzlik oxir-oqibat o‘zini ham yo‘q qiladi. Inson boshqalarga zarar berish uchun yaratgan tizim oxirida uning o‘zini ham qamab qo‘yadi. Nafrat nafrat qilgan odamni ham yeb bitiradi. Xiyonat qilgan odam o‘zining ishonch qobiliyatini ham o‘ldiradi. G‘azablangan odam oxir-oqibat o‘zining tinchligini yo‘qotadi. Ochko‘z odam esa hech qachon “yetarli” degan nuqtaga kelmaydi. Shu ma’noda Dante yaratgan jazo tashqaridan beriladigan jazo emas. U ko‘pincha insonning o‘z gunohining ichki davomi.
Va eng qiziq joyi shundaki, Dante bu yerda tugamaydi. U Lyutsiferning tanasidan pastga tushadi. Keyin bir nuqtada ular Yerning markazidan o‘tib ketadi. Ular endi pastga emas, yuqoriga qarab harakat qila boshlaydi. Bu juda muhim. Chunki Dante do‘zaxga tushishni maqsad qilmagan. U do‘zaxni ko‘rish uchun tushgan. Ammo undan chiqish uchun. U Yer yuziga yana qaytadi. Va endi yo‘l boshqa tomonga qarab ketadi. Pastga tushish tugadi. Endi yuqoriga chiqish boshlanadi. Shu sababli “Do‘zax”ni faqat qorong‘i asar deb atash ham to‘g‘ri emas. Uning ichida juda kuchli umid yashiringan. Dante tirik. Demak, hali ham imkoniyat bor. Hali ham tanlov bor. Hali ham yo‘l bor.
Shaxsiy xulosamga keladigan bo‘lsam, “Do‘zax” men uchun diniy jazolar haqida yozilgan kitobdan ko‘ra inson tabiatining ulkan anatomiyasiga aylandi. Dante insonni birgina “yaxshi” yoki “yomon” degan so‘z bilan tushuntirmaydi. U insonning ichiga kiradi. Uning istaklarini ko‘rsatadi. Uning g‘azabini ko‘rsatadi. Uning ochko‘zligini ko‘rsatadi. Uning g‘ururini ko‘rsatadi. Uning aqlini ko‘rsatadi. Va eng oxirida uning xiyonatini ko‘rsatadi. Dantening do‘zaxida gunohlar shunchaki ro‘yxat emas. Ular insonning bosqichma-bosqich o‘zligini yo‘qotishidir. Avval inson nafsini boshqara olmaydi. Keyin boylikka qul bo‘ladi. Keyin g‘azabga. Keyin e’tiqodini buzadi. Keyin boshqalarga zo‘ravonlik qiladi. Keyin aqlini firibgarlikka xizmat qildiradi. Va oxir-oqibat ishonchni sotadi. Pastga tushgan sari insoniylik kamayib boradi. Va do‘zaxning eng tubida — muz. Ya’ni mutlaq sovuqlik. Mutlaq yolg‘izlik. Mutlaq xiyonat. Mutlaq insoniylikdan ajralish. Shuning uchun Dante yaratgan do‘zaxni faqat olovlar, jinlar va qiynoqlar bilan tasavvur qilish juda yuzaki. Dantening eng dahshatli do‘zaxi — insonning insoniyligini yo‘qotishidir. Va yana bir narsani angladim: Dantening do‘zaxidagi odamlarning deyarli barchasi bir paytlar tirik bo‘lgan. Ular ham biz kabi ertalab uyg‘ongan. Ular ham biror narsani xohlagan. Ular ham sevgan. Ular ham qo‘rqqan. Ular ham kelajak haqida o‘ylagan. Ammo ularning hayotida biror narsa asta-sekin boshqa narsalardan ustun kelgan. Kimdadir nafs. Kimdadir pul. Kimdadir g‘azab. Kimdadir hokimiyat. Kimdadir g‘urur. Kimdadir xiyonat. Va oxir-oqibat inson o‘zi boshqarishi kerak bo‘lgan narsaning quliga aylangan. Shuning uchun “Do‘zax”ning eng qo‘rqinchli savoli:
“Do‘zaxda kimlar bor?” emas.
Menimcha, asl savol:
“Inson qachondan boshlab o‘zining do‘zaxini qurishni boshlaydi?”
Balki javob juda oddiydir.
Har safar inson o‘zining yomonligini oqlaganida. Har safar u qilgan xatosini tan olish o‘rniga boshqalarni ayblaganida. Har safar o‘z nafsini “men shunchaki shunaqaman” deb himoya qilganida. Har safar boshqa odamning ishonchidan o‘z foydasi uchun foydalanganida. Har safar yaxshilikni ko‘rib, unga befarq o‘tib ketganida. Do‘zax bir kunda qurilmaydi. U mayda qarorlardan quriladi. Xuddi insonning xarakteri kabi. Dante esa bizni o‘sha qurilishning oxirgi bosqichiga olib boradi. U yerda inson o‘zining qilgan tanlovlaridan qochib qutula olmaydi. Ammo biz hali u yerda emasmiz. Biz hali tirikmiz. Hali qorong‘i o‘rmondan chiqishimiz mumkin. Hali Vergiliyning ortidan yurishimiz mumkin. Hali noto‘g‘ri yo‘ldan qaytishimiz mumkin. Hali o‘zimizni o‘zgartirishimiz mumkin. Shu sababli menimcha, “Do‘zax” aslida o‘lim haqida yozilgan kitob emas. Bu tiriklar uchun yozilgan kitob. Chunki o‘lgan odamning yo‘li tugagan. Tirik odamning esa yo‘li hali davom etmoqda. Dante bizni do‘zaxning eng tubiga olib tushadi, Lyutsiferni ko‘rsatadi, muzlagan xoinlar orasidan o‘tkazadi va keyin yana yuqoriga olib chiqadi. Go‘yo shunday degandek:
“Mana, inson o‘zining eng tubida nimalarga aylanishi mumkinligini ko‘rding. Endi o‘z yo‘lingni o‘zing tanla.”
Va ehtimol, “Do‘zax”ning butun buyukligi ham shunda. Dante bizni do‘zaxdan qo‘rqitmaydi. U bizga do‘zax qanday qurilishini ko‘rsatadi. Qolgan savol esa o‘quvchining o‘zida qoladi:
O’qinglar.
Ikkinchi qism: Purgatotio
O’qib bo’lsam yozaman.