Logo
UZ

Nitshe: Zardo'sht tavallosi

• 6 daqiqa mutolaa

✦

Xudo o’ldi va biz uni o’ldirdik

© Fridrix Nitshe

✦

Eslatma: Fridrix Nitshe “Zardo’sht tavallosi” asarida insonlarning yaxshilik va yomonlik tushunchalari, diniy va tashayxuriy falsafiyatni tahlil qiladi. “Xudo o’lgan” g’oyasi insoniyat o’z ishonchlaridan o’z-o’zini qutqarish kerakligini, “Oliy odam” fikri esa o’sha yangi arafaning mazmunini anglatadi. O’sha “Oliy odam” – insoniyatning chegaralari bekor qilingan, ozod va mustaqil tafakkurli hali kelajakdagi idealidir. Kitob radikal va qiyin tushuniladi. Shaxsiy fikrga ko’ra, bu kitob o’qish uchun inson faqat o’z o’ylashtirish qobiliyatini, lekin ham insoniyatning jaholligini tushunishga tayyor bo’lishi kerak

Gyote

Rasmda Fridrix Nitshe, 19-asr buyuk faylasuflaridan biri. U an’anaviy axloq, din, haqiqat, iroda va insonning o’zini qanday yaratishi haqida juda keskin fikrlar bildirgan. Nitshe 1844-yil 15-oktabrda Röcken qishlog‘ida, Prussiya hududida tug‘ilgan. Otasi Carl Ludwig Nitshe lyuteran ruhoniysi edi, Nitshe atigi 4 yoshida otasi vafot etdi. Bir yil o’tib, uning ukasi ham vafot etdi. Shundan keyin Nitshe onasi Franziska, singlisi Elisabeth, buvisi va xolalari bilan birga Naumburgda yashadi. U juda yoshligidan jiddiy va intizomli bola bo‘lgan. Diniy muhitda ulg‘aygani uchun dastlab xristianlik uning hayotining juda muhim qismi edi. Ammo keyinchalik aynan xristian axloqining eng keskin tanqidchilaridan biriga aylanishi juda katta paradoks.

Qaysidir ma’noda biz Nitshe qurgan mafkuraviy dunyoda yashayapmiz. Hozirgi psixologlar aytayotgan deyarli hamma g’oyalar Nitshening cho’ntagidan to’kilib qolgan. (Antixristianin”ni o’qigan odam gap nimadaligini tushunadi.) Nitshe bizga -har birimiz uchun- hokimiyat istash mutlaqo zarur jarayon ekanini legitimlashtirib berdi. Bunda u xristian dinining va diniy rahnamolarning oddiy odamlar irodasini butkul o’ldirib, shu orqali yagona humkron qatlam bo’lib qolganlariga, diniy rahnomaning bor yo’q istagi - faqat hukmronlik eganiga qarshi edi. Keyinchalik “Oliy odam” g’oyasi tug’ildi.

Insonning hayoti ilmiy va stereotipik tildan kelib chiqib aytadigan bo’lsak, ulkan paradigmalar asosiga qurilgan. Biz tug’ilganimizdanoq qandaydir tamoyillar va qoidalar, barcha ishongan va ishonib kelgan tushunchalar osmoni ostida yashaymiz. Bizga hamma narsa o’rgatiladi, biz ham unga itoat ila bosh egmogimiz kerak (bir jihatdan shunday bo’lishi ham lozim). Vaholangki, tanimiz oliy qadriyatlar quyuni ichida gir-gir ayalanar ekan, tafakkurimizni mudroqlik tumani qoplayveradi, biz esa go’llarcha, o’z shuurimizda kechayotgan bu dahshatli hodisaga e’tibor bermaymiz va birlamchi tushunchalar “axlat”i orasida yashab o’lib ketaveramiz.

Zardo’sht insonlar va xilma-xil dunyolar orasida kezib yurar ekan, bashariyatning bu kabi ahmoqligidan qah-qah otib kuladi, ularning “o’liklik” qa’riga kirib ketayotganini zaharxandalik ila kuzatib turadi. U suhbatlar davomida insonlarning “yaxshi”, “yomon” deya ta’kidlab kelgan tamoyillar va tushunchalarni ostin-ustun qilib tashlaydi, shu bilan birga, o’quvchini ham mushohada qilishga chorlaydi. Nafrat, sevgi, do’stlik, din va qadriyatlar kabi tushunchalar perspektivizm asosida har tarafdan tahlil qilinadi.

“Zardo’sht tavallosi” asarida ikkita g’oya yetakchilik qiladi: birinchisi “Xudoning o’lganligi”, ikkinchisi esa “Oliy odam” (Übermensch - Overman) konseptidir. Nega “Xudo o’lgan?” Keling, ilk daf’a shu savolni ko’rib chiqamiz. Dindor konservatizm muridlari orasida kontroversiya yasab yuborishga qodir bo’lgan ushbu ikki og’iz so’z asar davomida ham boshqa suhbatdosh qahramonlarni ham, Zardo’shtning o’zini ham o’ylantirgan “mudhish yangilik” bo’lib xizmat qiladi. Keyinchalik, aniq bo’ladiki, “Xudo shunchaki o’lmagan”, balki “Uni o’ldirishgan. Uning o’limi shu qadar rejalashtirilgan ediki, insonlar bu xabardan deyarli baxtsizlikka tushib qolmaganini tan olgisi kelmasdi”. Ba’zilar uni “tiriltirish” payida bo’lar, ba’zilar esa bu urinishlarni to’xtatishga shoshardi. Biroq Zardo’sht endi “ish allaqachon yakuniga yetgani”, “murdalar tirilmasligi” haqida xitob aylaydi. Zardo’shtning iddaosi ham “Xudoning o’lganligi” dan xursand bo’lish edimi? Unchalik ham emas. “Xudoning o’limi” tushunchasi aslida yarim metaforik holda ishlatilgan bo’lib, Nitshe ushbu g’oya orqali bashariyatning din paydo bo’lgan kundan boshlab ishonib kelgan tushunchalari endi tom ma’noda eskirib qolgani va shu bilan birga, odamlarning hayotida yangilanish davri ular istasa-istamasa, kelib bo’lganligini ta’kidlanmoqchi bo’ladi. Inson endi tafakkuri va ruhiyati orqali o’ziga mukammallikni ado etmog’i, bosib o’tajak yo’lida o’z ixtiyorini o’zi qo’lga ola bilishi zarurligini ta’kidlaydi. Insonlarning ruhi qaram bo’lish uchun yaralmagan, bu ruh shu qadar oliyki, uning qudrati orqali dunyo “Oliy odam”ni yaratmog’i mumkin bo’ladi.

Nitshe bu g’oyani insonlarga yetkazib berishda Zardo’sht timsoli orqali o’quvchilarga yetkazib berishni tanlagani ham bejizga emas. Zardo’sht personasi bizga Zardushtiylik dini asosida ma’lum bo’lib, biz bu dinni qadim sharqda islomdan oldin paydo bo’lgan din sifatida yaxshi bilamiz. Barcha dinlarda va diniy oqimlar o’ziga xos falsafiy g’oyalar asosiga qurilganidek, zardushtiylik ham shunday g’oyalardan mustasno emas edi. Ushbu din yer yuzidagi to’rt unsur (tuproq, havo, olov, suv) ni muqaddas hisoblagani bilan bir qatorda “Yaxshilik” (Axuramazda) va “Yomonlik” (Axriman)ning abadiy kurashi va unda “Yaxshilik” ning g’olib bo’lishi haqidagi asosiy konseptni o’ziga ergashuvchilarga singdirib kelgan. Shundan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, zardushtiylik “axloqiy dualizm” (moral dualism) g’oyasining ilk targ’ib qiluvchisi hisoblanadi. “Axloqiy dualizm”ga ko’ra, dunyo ezgu va yovuz kuchlarning abadiy kurashiga, bir tushunchaning ikkinchisidan ustun kelishiga asoslangan. Bu sikl to’xtovsiz davom etadi va odamlar tomonidan urushlar va bir qancha insongagina xos jirkanch qonxo’rliklar hamda istibdodlar orqali davom ettiriladi. Insonlar o’zlarining qing’irliklarini “yaxshi” niqobi ostida o’ylab topgan ahmoqona bahonalarga asoslanib oqlamoqchi bo’ladilar. Shunday qilib, ezgulik va yovuzlik insoniyatni mangu domiga yutadi.

Insoniyat ushbu kurashda o’z aqlini yo’qotishi hech gap emas. Balki u bundan qutulish uchun ezgulik va yovuzlik dunyosining chagarasidan chiqib ko’rishi kerakdir? Uning narigis tarafida tafakkurimizga ma’lum bo’lmagan qanday sirlar yashirin? Zardo’sht siymosi “ezgulik va yovuzlik kurashi” g’oyasini yaratgan hamda shu bilan bir qatorda uning yagona kurash emasligi, bu oliy qarama-qarshilik ham qandaydir chiziqlar bilan cheklanganligini anglagan birinchi odam sifatida qaraladi. Nitshe uni payg’ambarona ovozi uchun va qaysidir ma’noda mutoyiba tarzida ham tanlagan. Albatta, dinni yoyishda va odamlarni ergashtirishda eng oliy rol o’ynaydigan “xabarchi”ning o’zi birinchi bo’lib, “Xudoning o’lganligi” haqida gapirishi faylasufning ham va uni o’qig’uvchilarning ham e’tiborini tortmay qolmaydi. Shunday bo’lsa-da, xurofotlarga ko’r-ko’rona ergashib ketaveradigan madaniy cheklangan odamlar Nitshening “God is dead” g’oyasining tag mohiyatiga yetmasdan turib, kulgili memlarga solishdan boshqaga yaramaydilar. Biz bu odamlarning borligi ham, ularning ahmoqligini ham tan olamiz.(kuchuklar o’zi shunaqa)

Zardo’sht o’z safari davomida turli-tuman odamlar bilan suhbat quradi, olomonni yig’ib, ularga “ezgulik” va “yovuzlik” ning chegarasidan tashqaridagi ajoyibotlar haqida va’z aytdi. Lekin Zardo’shtning qalbi baribir “Oliy odam” ni topishga chorlayotgan behalovatlikdan xoli qolmadi. Uning nutqlari ham aynan “Oliy odam” g’oyasini avomga yetkazib berishga, hech bo’lmasa, “Oliy odam”ning kelajakda tug’ilishiga hissa qo’shishga chaqirish kabi g’oyaviy maqsadlarga qaratilgan uzundan uzoq, jimjimador da’vatlarga to’la edi.

“Oliy odam” kim edi o’z? U umuman qanday qiyofada gavdalanishi kerak? U qanday dunyoga kelishi kerak?

Zardo’sht fikricha, “Oliy odam” bu insonlar yaratgan barcha chegaralardan xoli bo’lgan va tafakkurni ozod qilgan odamdir. Uning qiyofasi shu qadar buyukki, bu buyuklik inson o’ziga berilgan oliy umrni bo’lar-bo’lmas narsalar ustidan g’am chekishga isrof qilayotganini eslatib turadi. Yaxshi odamlar “Oliy odam”ni yomon ko’radilar. Shu sababli unga yaxshi odamlarga xos tarzda, dunyodagi eng dahshatli yomonlikni qiladilar (“Zero yaxshilarning yomonligi eng yomon va jirkanch yomonlikdir”). “Oliy odam” tug’ilishi bilan “Oliy odam” deya tan olinmaydi, uning bu yo’lda bosib o’tadigan qiyinchiliklari ko’p. Biroq Zardo’sht ishonadiki, bir kun kelib, insoniyat “Oliy odam”ni hech qanday to’siqsiz va nuqsonsiz yetkazib beradigan jamiyat yaratishga erishadi.

Nitshening o’limidan keyin uning ijodi odamlarni o’ziga dahshatli va shu bilan birga jozibali gunoh kabi o’ziga jalb qila boshladi. Shuningdek, Nitshening “Oliy odam” (Übermensch - Overman) g’oyasi ham bezbetlarcha irqiylashtirildi. Keyinchalik, ushbu ulkan falsafiy g’oya natsistlarning “oliy irq” konseptini yaratishiga fundamental turtki bo’ldi. Garchi Nitshe o’zining so’nggi yillarida: “Men butunlay polyak oqsuyagiman, bir tomchi ham nemis qoni yo’q” deya o’zining polyak ekaniga ishonishni boshlaganiga qaramasdan, fashist imperiyasining ushbu irodaga qarshi tarzda bunyodga kelishi ulkan bir dahshatli hazilga o’xshardi. Budda odamlarni o’ziga sig’inishdan qaytarganiga qaramasdan, odamlar unga teskari ravishda Siddharthaga ibodatxonalar qurib (ularning haykalchalarini sotish bilan kun ko’rib), sig’inishni boshlashgani kabi, “Übermensch” ham yovuzlik chegaralari ichida qolib ketgan mayda-chuyda odamlar qo’lida o’yinchoq bo’ldi. Bu, albatta, kulgili va shu bilan birga achinarli paradoks.

O’zimning shaxsiy xulosamga keladigan bo’lsam, “Zardo’sht tavallosi” miyamni bo’lar-bo’lmas narsalardan tozalab, ma’lum bir aniq yo’lga tushib olishimda ancha yordam bergan vositalardan biri bo’ldi. Lekin bu kitobdan oldin ma’lum bir ruhiy tayyorgarlikka ham ega bo’lish kerak ekan. Kitob yaxshilikni ham, yomonlikni ham ulug’lamaydi. Bu ikki narsa insoniyatning tani va uning nafsi kabi shunchalik kichkina, shu qadar jimit ekan.

Asarni hammaga ham tavsiya bermayman. Radikal qatlam vakili bo’lsangiz yaxshisi o’qimang, bu bilan Buddaga millionlar tomonidan qilingan haqoratga yana bir bor hissa qo’shgan odamlarga o’xshab qolasiz.

O’qinglar