Logo
UZ

Jorj Ourel: 1984

• 3 daqiqa mutolaa

✦

Katta og’a sizni kuzatyapti

✦

“1984”, Jorj Oruell

Oruellning bu asari siyosatning qanchalik mahoratli, aqlli, jirkanch va shafqatsiz mahluq ekanligini hamda uni yaratgan odamlarning qanchalik manfurligini koʻrsatib beruvchi gʻaroyib antiutopiya hisoblanadi. Osonroq qilib aytsam, undagi olam “susambilning yovuz versiyasi” dir.

Aslida u antiutopiya shaklida yozilgan boʻlsa-da, ichidagi oʻnlab jihatlar Oruell yashagan davrga mos, hatto hozirgi davrga ham. Uni tugatganimdan keyin bularni koʻra boshladim. Bizning hozirgi yashayotgan olamimiz “1984” asosiga qurilgandek tuyuladi.

Romandagi hamma odamlar “qattiq nazorat” laqabli chirik jamiyat ichida oʻz qobigʻiga tiqib qoʻyilgan, uzoqni koʻra olmaydigan, kaltabin manqurt sifatida yashaydi. Ular oʻylashdan qoʻrqishadi, hatto oʻylashmaydi, chunki ular buni unutishgan. Ular oʻzlarining tasavvurlarida mavjud va mavhum umid namunasi boʻlgan “Katta Ogʻa” ning gʻazabidan hayiqishadi. Hech narsaga hech qachon umid qilishmaydi, sevishmaydi, qarshi chiqishmaydi, isyon qilishmaydi, birlashishmaydi. Ular shunchaki qotib qolishgan, oʼzlari oʻylab topgan tizimning dahshatli bosimi ostida jimgina oʻlib ketishga mahkum edilar.

Ammo har bir oqim ichida unga qarshi suzadiganlar topiladi. Asar bosh qahramoni Uinston Smit mana shunday odamlardan EDI. U ham “Katta Ogʻa” bosimi ostida mudhish jinoyat hisoblangan ishni qilgan holda yashardi. Yaʼni FIKRLASH bilan shugʻullanardi. Uinston buni qanchalik yashirishga urinmasin, uni hamma joyda, har bir burchakda kuzatishardi. U oʻz tuygʻularini, insoniylikni saqlab qolishga hech boʻlmaganda harakat qilardi. U hatto besoʻroq sevib qoldi, sevish oʻlimga olib kelguvchi katta jinoyat hisoblangan davrda yana. Uinstonning yana bir jihati unda umidga ergashish bor edi. U oʻzi yashayotgan jirkanch botqoqdan chiqishga urinar, odamlar nega oʻzlarini bunday ahvolga solishganini tushun olmasdi.

✦

Men buning qanday ishlashini tushundim, ammo nega shunday boʻlishini tushunolmadim.

✦

Asardagi olam oʻylab topilgan fantaziya boʻlsa-da, yozuvchi biz uchun qorongʻu kelajakni bashorat qilib ketgan edi. Buni tushunish uchun kitobni oʻqib chiqish kerak. U qahramonlar taqdiri va voqealar tuzilmasi orqali siyosat qanday ishlashini uch jumla bilan tushuntirib beradi:

✦

Urush - bu tinchlik
Ozodlik - bu qullik
Loqaydlik - bu kuch

✦

Qanchalar, manfur va shafqatsiz haqiqat bu. Odamlar hamma narsani aks tomonlarini koʻradilar, yoʻq boʻlsa uni oʻzlari yaratadilar. Aslida esa ular ishongan narsa, butunlay boshqa boʻlib chiqadi. Ammo ular bunga koʻr-koʻrona ergashaverishadi, ergashaverishadi, berilgan hayotni shunchaki sovurgan holda yashab, oxiri oʻlib ketishadi. Uinston bunday toifadagilarni yomon koʻrar edi, u nohaqlikdan qiynalgan vijdonini uygʻota olardi. Ammo har qanday mustahkam iroda ham shikast topishi mumkin.

Kitobda hamma narsa teskari, haqiqat vazirligi yolgʻon bilan shugʻullanadi, sevgi vazirligi sevgiga qarshi kurashadi, tinchlik vazirligi urushlarni keltirib chiqaradi, serobgarchilik vazirligi esa odamlarni ocharchilikka mahkum qiladi. Muallif juda koʻp haqiqatlarni shunday mahorat bilan ochganki, ishonmasdan iloj yoʻq. Oruellning bu borada daho ekanligini yana bir bor koʻrsatish uchun mana shu dialogni keltiraman:

— Nechta barmogʻimni koʻrsatyapman, Uinston?

— Toʻrt.

— Agar Partiya buni besh deb aytsa, unda qancha boʻladi? — Toʻrt.

Gap oxiri ogʻriq bilan yakunlandi…

— Qoʻlimda nechta barmoq bor, Uinston?

— Toʻrt! Buni toʻxtat, Toʻrt!

— Qancha barmoqni koʻrsatyapman, Uinston?

— Besh! Besh! Besh!

— Yoʻq Uinston, bunaqasi ketmaydi, sen aldayapsan, sen hali ham uning 4 ta ekanligiga ishonasan.

— Toʻrt! Besh! Toʻrt! Xohlaganing! …

— Sen sekin oʻrganuvchisan, Uinston. Qanday qilib, oldingda turgan narsani koʻrishda yordam berishim mumkin? Ikkiga ikki toʻrt boʻladi. Bilasanmi, Uinston, baʼzan ikkiga ikki besh boʻladi, Baʼzan ular uch boʻladi, baʼzan esa hammasi bitta boʻladi. Sen kuchliroq harakat qilishing kerak. Axir aqli raso boʻlish oson emas.

O’qinglar.