✦
“Biz qayerdan paydo boʻlganmiz va oldinda bizni nima kutmoqda?”
✦
Shu aprel oyida o’qigan kitobim haqida ikki og’iz. Iqtibosdan anglab turgan bo’lsanglar kerak, asar biroz detektiv, biroz romantik, biroz siyosiy, zamonaviy va andakkina diniy yoʻnanlishlarda yaratilgan. Ammo bu “qorishmalar” asarning sifatini hech ham pasaytirmagan, aksincha, unga ajoyib kreativlik va koʻtarinki ruh baxsh etgan, desam adashmayman. Asar haqiqiy adrenalin beradi, garchi sahifalari 660 ta boʻlsa ham.
Syujet qiziqarli, har doimgidek oʻquvchini zeriktirmaslik va uning fokusini ushlab turish uchun eng qiziq joylarida murakkab tub burilishlar yasaydi.
Asar voqealari “Da Vinchi siri” romani bosh qahramoni timsolshunos professor Robert Lengdonning atrofida aylanadi. Ha, Den Braunning bir nechta shunga oʻxshash “Farishtalar va iblislar”, “Inferno”, “Da Vinchi siri” kabi seriyali romanlarida ham Robert Lengdon asosiy rolni ijro etadi. Bu bilan yozuvchining asarlari butun boshli ulkan ilmiy-sarguzasht franshizani hosil qilgan.
Voqealar rivoji taniqli kompyuter dahosi ateist Edmond Kirshning muhim yangilikni omma oldida oshkor etmoqchi boʻlganida fojiaviy tarzda oʻldirilishi (peshonasidan otilishi) bilan boshlanib ketadi. Bu mudhish hodisa Ispaniyada sodir boʻlgani va shahzoda Xulianning boʻlajak rafiqasi Ambra Vidal ham voqea paytida oʻsha yerda ekanligi qirollik saroyini oyoqqa turgʻizadi va aql bovar qilmas tartibsizliklar boshlanadi.
OAV Edmond Kirshning oʻlimi va uning sirli kashfiyoti haqida jar solishi, sir oshkor boʻlmasligi uchun Robert Lengdon va Ambraning izidan tushgan va ularni yoʻq qilmoqchi boʻlgan Lui Avilaning harakatlari sizni qiziqtirmay qoʻymasligi aniq.
Siz asarni oʻqish davomida har bir qahramon oʻziga yarasha taqdir va oʻy-fikrlar egasi ekanligini koʻrasiz. Sobiq dengizchi Lui Avilaning oilasi cherkovda halok boʻladi, bu voqeadan u juda chuqur tushkunlikka tushib qoladi. Shu payt unga qotillik yuzasidan ish taklif qilishadi va pul evaziga Edmond Kirshni oʻldirishni buyurishadi. Avila bunga rozi boʻladi, chunki unga cherkovda sodir boʻlgan portlashni ateistlar, aynan Edmond Kirsh uyushtirgan deb aytishgan edi. Qasos tuygʻusi bilan yongan Avila baxtga qarshi niyatini toʻliq amalga oshira olmaydi, sir Edmondsiz ham Robert Lengdon va Ambra Vidalning sharofati bilan dunyo yuzini koʻradi.
Edmond Kirsh ham onasining oʻlimida cherkov aybdor boʻlgani uchun uning obroʻsini yer bilan yakson qilishga qaror qiladi va bunga erishadi. Aslida u ilm-fan odami edi. Uning gʻoyalari qilgan tadqiqotlari faqatgina insoniyatni rivojlantirishga qaratilgan, borliqning barqarorligi va inson ongining qudrati har doim uni ilhomlantirgan.
Asarda yana qiziq detallar mavjud:
—shahzoda Xulian Ambra Vidalning qoʻlini jonli efirda soʻrashi; bu real hayotda boʻlgan;
— Edmond Kirshga Tesla avtomobilini Ilon Maskning oʻzi sovgʻa qilgani haqidagi mish-mishlar;
—“iPhone” telefonlari va Stiv Jobs eslab oʻtilgan;
— “FedEx” pochta xizmatiga ham belgi bor, professor Lengon bu pochta belgisida ham yashirin sir borligini gapiradi;
—Stiven Hoking fikrlari
—Darvin nazariyasi
—Ispaniya qirolligida ishlovchi Monika Martin obrazi asarda ham, real hayotda ham mavjud, muallif asar soʻnggida unga minnatdorchilik bildirib oʻtgan;
—Ispaniya diktatori Fransisko Franko qurdirgan maydon
Hamda shunga oʻxshash juda koʻp materiallar real hayotdan olingan. Bundan tashqari asarda zamonaviy texnologiyalarga ham ishora bor. Ulardan eng qizigʻi asardagi yana bir personaj - Uinston. U Edmod yaratgan sunʼiy intellekt, ammo asarda jonlidek koʻringan.
O’qinglar.