Bugun anchadan beri tugatolmay yurgan asarimni o’qib tugatdim.
Asar menga to’g’risi bombadek ta’sir qildi. Unda men shu vaqtgacha uchratmagan qandaydir narsa, shiddat, joziba bor. Uch haftada yozilgan bo’lishiga qaramay, bu darajada mukammal topilmaga aylanishi noyob holat.Asar voqealari yosh, tetik onameros go’zallik sohibi Dorian Greyning kishining rahmini keltiradigan taqdiriga bag’ishlangan. U boshlanmada shu qadar pok, go’zal va oliyjanob, boladek samimiy, yosh edi. Ammo oxiriga kelib ulardan faqat go’zallik qoldi, xolos… U ham, afsuski, yordam bera olmadi…
Voqealar xushro’y yigit Dorian Greyning portreti ishlanishi bilan boshlangan. Uning suratini chizgan Bezil Hallward yigitni o’z ilhomi deb ataydi. Lord Genri ham bunga ishonadi. Dorian o’z suratiga qarab turib go’zalligi abadiy qolishi istaydi va dahshatli tilak tilaydi: “Qaniydi men go’zalligimni saqlab qolsam-da, suratim qarisa, u mening bor gunohlarimni o’ziga ortsa”…
Bu aynan amalga oshadi. Dorian Lord Genri ismli hayotga pessimist — qorong’u munosabatda qaraydigan, yaramas, lekin aqlli odamning ta’sirida eng razil va xudbin kimsaga aylanadi, hatto qilgan gunohlaridan lazzatlana boshlaydi. Uning beg’ubor qalbi surat bilan birga chirib boradi. Bu jarayon Dorian yosh, o’n yetti yoshli go’zal aktrisa Sibila Veynning sevgisini poymol qilib, uning o’limiga sabab bo’lganida boshlanadi va sof ko’ngil sohibini botqoqqa botiradi.
Dorian Grey juda ko’p gunohlar qiladi, ularning chek-chegarasi yo’q. Suratdagi go’zal chehra esa badbashara maxluqqa aylana boradi.O’zining eng yaqin do’sti Bezil Hallwardni shafqatsizlarcha o’ldiradi. Uni deb Alan Kempbel o’zini osadi. Oxirida esa o’zi ham surat qarshisida vafot etadi…
Ha, uning taqdiri shunday ayanchli yakun topadi. Aslida bu kabi go’zallik sohibining qismati shu xil bo’lishga, jirkanch hayotga loyiqmidi? Yo’q. U dunyodagi eng yaxshi insonlardan biriga aylanishi mumkin edi. U hatto eng oliyjanobi bo’lar edi. Lekin davr, muhit, do’stlar bunga yo’l qo’ymadi. “Qars ikki qo’ldan chiqadi” deganlaridek, Dorianda ham ayb yo’q emas. U mustaqil fikrga egaman deb o’ylardi. Aslida esa o’zgalarning maslagiga va NAFSga ergashib ketishni afzal bilgan bir irodasiz odam ekan…
Uning taqdiri havas qilishga arzigulik emas, achinishga ham, ammo xulosa chiqarsa bo’ladi. Go’zallik insonni razilliklardan qutqarmaydi, balki ularning tezroq rivojlanishiga olib keladi. Vijdonimizni sug’irib olib tashlash qo’limizdan kelmaydi, bu o’lim bilan o’chakishish bilan barobardir. Dorian esa buni tushunmadi. “Jonini shaytonga sotgan” bu yigit o’ttiz sakkiz-qirq yoshigacha yigirma yoshlik ko’rinishda qoldi, lekin inson kabi hayot kechirmadi…
O’qinglar.