✦
Sen maxluqmisan? Yoki qurbon?
✦
Dostoyevskiyning shoh asarini tugatdim. Birinchi galda shuni aytishim kerakki, ushbu asar adabiyotning shunchaki qalbimizga umid va oro beradigan ‘entertaining’ qismidan ancha chuqurroq qatlamda turadi. Kitobni tugatdim-u, bir necha daqiqaga qulogʻim ostida faqat bir notali tekis kuy jaranglagandek boʻldi, oʻzimni bir lahzaga unutdim.(miyyani yig’ishtirib qo’ydim) Asarning bosimidan emas, uning oddiy inson tafakkuri uchun tushuniksiz taraflari koʻpligidan ham emas. Butunlay boshqa narsadan. “Insonning chegarasi oʻzi qay nuqtagacha bora oladi?”, degan savoldan. Oʻzi jamiyatning chegarasi qayerda? Axloqning eng soʻnggi manzili qayer? Inson bundan oʻtishga jurʼat qila oladimi? U oʻzi ishongan, eʼtiqod qoʻygan narsalarga qarama-qarshi bora oladimi? Asar shu savollarga javob beradi.
Asar markazida Raskolnikov obrazi turadi (uning nima ish qilganini va nega qilganini juda yaxshi eslaydiganlar bor). Raskolnikov - oddiy kambagʻal talaba. U shunchalik nochor ahvolga tushib qoladi, bu nochorlik uni umidsizlikka soladi, bu nochorlik uni qotillik qilgani undaydi. U oʻzining qabih ishini amalga oshirgandan keyin muallif uni ham ruhan ham jismonan ezadi. U shunchalar qiynaladiki, boshi berk koʻchaga kirib qoladi: oʻzining qilgan ishi haq ekanligini vijdoni va jamiyat oldida isbotlash uchun ming xil vaj qidiradi. Raskolnikov asar davomida juda koʻp qiyinchiliklarga uchraydi.
Asarda Raskolnikov bilan birlashadigan bir nechta obraz bor: Razumixin, Sonya, Svidrigaylov va Porfiriy Petrovich. Ularni nima birlashtiradi? Jamiyatdagi axloq qoidalari chegarasi, albatta. Raskolnikov - jinoyatchi, u chegarani bosib oʻtdi, undan keyingi hayotni koʻrdi va qaytadan ruhini tiklay oldi, jinoyat qildi va jinoyatiga yarasha jazo oldi. Sonya ham jinoyatchi, jamiyat koʻzida u fohishalik qilib, oʻz oilasi uchun pul topadigan axloqsiz ayol sifatida gavdalanadi. Ammo u shunga majbur, chunki u ham nochorlikda yashaydi. Baʼzi bir talqinlarga koʻra, Sonya personaji ramziy maʼnoda aks ettirilgan, degan qarashlar mavjud. Yaʼni Sonya - Bibi Maryamga ishora sifatida yaratilgan ekan. Bunga sabab esa, bilsanglar kerak Bibi Maryam ham zamonasida “nikohsiz bola dunyoga keltirgan” degan tamgʻa bilan yurgan, chunki unga ham oʻz zamonasida axloq chegarasini bosib oʻtgan yuzsiz deya qaralgan edi, ammo u keyinchalik hurmatga loyiq koʻriladi. Sonya ham xuddi shunday, asar davomida u juda koʻp tahqirlanadi ammo oxiriga kelib, hatto jamiyat uchun keraksiz, yovuz deb atalgan odamlar koʻziga ham ona siymosida koʻrinib, ular qachonki, Sonyani koʻrishsa, unga bosh kiyimlarini yechib, hurmat bajo keltiradilar. Menimcha, bu men koʻrgan ayol personajlar ichida eng yaxshi character-development hisoblanadi. Bu jihatdan Sonya personaji feminizmning asl koʻrinishi qanday boʻlishi kerakligini koʻrsatgandek tuyuldi. Yaʼni ayol - bu umid va muhabbat boʻlmogʻi kerak, uning asl mavjudligi mohiyati ham ana shundadir.
Raskolnikov esa Dostoyevskiyni oʻylantirgan fikri uchun tajriba quyonchasi boʻlib xizmat qildi, muallif uning oldiga koʻzgu tutib, har tomondan nazar solib koʻradi, uni jinoyat olamiga kirgizib, qalbini eng tuban joylarini ochib, keyinchalik yorugʻ yoʻlga yetaklab chiqadi. Biz asar davomida Raskolnikovning turli qiyofalarini koʻramiz: Porfiriy Petrovich Raskolnikov bilan qilgan dialogida uning qilgan jinoyatini bilib tursa ham sir boy bermaydi, u ham Raskolnikovning bir varianti, faqat u chegarani shunchaki kesib oʻtib, oʻsha joyda qolgan personaj xolos. Svidrigaylov ham xuddi shunday, ammo u menga Raskolnikovga qaraganda ancha jasurroq koʻrindi. U qilaman degan ishini amalga oshira oladi, Raskolnikov bilan Svidrigaylovning farqlari: Raskolnikov muhabbatga erisha oldi, Svidrigaylov esa yoʻq, Svidrigaylov oʻzi oldiga qoʻygan maqsadga yetishishi uchun ancha yetarli jasurligi bor edi, Raskolnilovda esa yoʻq. Xoʻsh hayot kimga nisbatan adolat qildi? Menimcha ikkala tarafga ham.
Razumixin bilan Raskolnikovni solishtirish uchun esa, oldin Raskolnikov asarda yozgan maqolaga bir nazar solib oʻtish kerak boʻladi. Ha, qahramonimiz universitetda oʻqib yurgan kezlarida jinoyatning sodir boʻlish sababi va undan koʻrilajak oqibatlari toʻgʻrisida maqola yozadi, unga koʻra, odamlar ikki toifaga boʻlinadi: favqulodda odamlar va oddiy odamlar (Raskolnikov ularni “bitlar” deb ataydi). Oddiy odamlar shunchaki koʻpayish uchun material xolos, favqulodda odamlar esa dunyoni boshqarib, unda oʻzining qoidalarini oʻrnatuvchi odamlardir. Bu jihatidan oddiy odamlar - bugungi kun odamlari, favqulodda odamlar esa kelajak egalaridir. Shu jihatidan ular bir nechta yengilliklarga - odam oʻlidirish va “qon toʻkish huquqi” ga ega boʻladilar, ular shunchaki katta oʻzgarish yasash uchun yoki oʻzlarini qurbon qilishadi, yoki boshqa birovni qurbon qilishadi. Raskolnikov ikkinchi yoʻlni tanladi va oʻzining mana shu ishlab chiqqan “teoriyasi” da favqulodda odam ekanligini isbotlamoqchi boʻldi, ammo oxiriga kelib oʻzi ham oddiy odam - “bit” ekanligiga amin boʻldi. Bu jihatdan Dostoyevskiy ushbu maqolada keltirilgan talqinning notoʻgʻri ekanligini koʻrsatib ketgan, yaʼni oʻzlarining favqulodda odam ekanligiga ishonib, buning uchun boshqa birovni yo oʻzlarini qurbon keltiradigan odamlar har doim ham haq boʻlavermas ekan. Razumixin ham oddiy odamlar toifasiga kiradi, yaʼni u qoidalarga qatʼiy amal qilib yashovchi, tartibli inson obrazidir. Raskolnikov esa yoʻq.
Asar yakuniga keladigan boʻlsak, muallif oʻzi koʻtargan va kitobxonni junbushga keltirgan ulkan muammoni hal qilishga yordam beradigan juda yaxshi va mustahkam yechim keltirgan: Bu ilohiy sevgi-muhabbat
Yakunda shunday jumlalar mavjud:
✦
Ular muhabbat tufayli qayta hayotga kelgan edilar, birining qalbida ikkinchisi uchun tuganmas hayot manbayi mujassam edi
✦
Dostoyevskiyning kuchli xudojoʻy odam boʻlganligini inobatga olsak, uning bu keltirgan yechimiga asar voqealari davomida ham asos topish mumkin. Bir epizodda Sonya Raskolnikovga Injildagi Lazarning tirilishi haqidagi hikoyatni oʻqib beradi. Bu aynan asar yakunidagi qahramonlarning ruhan poklanib, mutlaqo yangi odamga aylanishiga ishora. Bu borada Dostoyevskiy shunday shafqatsiz usulni qoʻllaydiki, u odamni eng tuban, eng jirkanch bosqichga tushirib, keyin shu yoʻl bilan oʻzlikni tanishga va Xudoni anglashga oʻrgatadi. U qahramonlarini doimo muhabbat bilan qutqarib oladi. Muhabbat muallif nazarida shunday bir qudratli vositaki, u Masih kami insonni qaytadan tiriltira oladi, aniqrogʻi uning qalbi qaytadan tugʻiladi. Ammo haqiqiy muhabbatga erishguncha, inson qanchalik koʻp togʻ-u toshni bosib oʻtishga toʻgʻri kelishini bir tasavvur qilavering.
Bu haqqa yetaklovchi tarki dunyochilikni qisman qoʻllashni oʻz ichiga oladigan - soʻfiylik yoʻnalishiga ham mos keladi degan qarashlar mavjud ekan, yaʼni odam poklanish jarayonini va muhabbatga erishiladigan yoʻlning azob-uqubatini qalbi va vujudi bilan his qilmas ekan, u hech qachon “tirilolmaydi”.
Umuman, asar shunchaki qayta-qayta oʻqishga arziydigan shedevr. Uni oʻqisangiz, oʻzingiz uchun yupanch olasiz, ruhingiz bir larzaga kelsa-da, keyinchalik shunday sokinlik qamrab oladiki, beixtiyor gʻoyibona jilmayasiz, chunki siz oʻz koʻnglingiz uchun tinchlik ato etgan boʻlasiz.
O’qinglar.