Logo
UZ

Haruki Murakami — Norvegiya o'rmoni

• 3 daqiqa mutolaa

✦

Oʻlim bor narsa, ammo u hayotga qarama-qarshi tomonda emas, balki uning bir qismi sifatida mavjuddir

✦

“Norvegiya oʻrmoni” ni tugatdim. Ichimdan bir nimalar oʻtdi, buni bitta postga sigʻdirolmasam kerak deb qoʻrqaman. Kitobni boshlaganimda menga juda ham ogʻir tuyuldi, chunki u turgan bitgani depressiya bilan sugʻorilgandek edi. Keyin esa tasvirlar yana-da tiniqlasha bordi, aslida men koʻrayotganlarim depressiya emas, balki haqiqiy hayot ekanligini tushunib yetdim. Murakami juda ham ogʻir mavzuni koʻtargan va odamlarning qalbiga baʼzida bir nish kabi qadalib qoladigan narsa - sutsid haqida gapirgan edi.

“Norvegiya oʻrmoni”ni ikki yosh yigit va qiz - Toru va Naokoning toʻlaqonli va baxtsiz sevgisi deb oʻylaganlar katta xato qilar ekan. Bu yerda muhabbat niqobi ostida, juda chuqur fikrlar bildirilganki, kitob shunchaki romantik emas, balki realistik ekanligini anglay boshlaysiz. Personajlar tarixi ularning nega aynan asarga kelib qolganligi, nega ular bilan bunday voqealar boʻlgani, qanday bogʻliklik ularni birlashtiryapti-yu, qaysilari umuman ulkan farqlarni keltirib chiqarmoqda - barchasini tafakkur qilasiz va tushunganingizda bu sizni shunday ahvolga tushirib qoʻyadiki, alal-oqibat bu sizning ham hayot daraxtingizda mavjud boʻlgan yoki boʻlishi mumkin boʻlgan shox buta ekanligini tan olishdan boshqa ilojingiz qolmaydi. Ammo boshqa tarafdan unda muhabbat juda ham chiroyli tasvirlangan deb oʻylayman, siz bunga doir har bir sahnani jonli his qilishingiz mumkin.

Asar qahramoni Toru Vatanabe - 19 yoshli talaba yigit toʻsatdan Naokoni uchratadi va uni yoqtirib qoladi. Boshida u oʻzi bilan qiz oʻrtasidagi munosabat sevgi ekanligiga toʻliq ishonchi komil boʼlmaydi. Koʻp chalkash oʻylar girdobi va Naokoning hayotida boshqa inson - Kizuki mavjudligini bilish uning sevgisi oshkor boʻlishiga yagona toʻsiq boʻlib turar edi. U tabiatan shunday odamki, kuchli iroda egasi, aqlli va hayotni sevadigan yigit. U qoʻrqoqlardek shunchaki umidsiz oʻlib ketishni istamaydi, oʻzi uchun muhim boʻlgan insonlarnga nisbatan masʼuliyatli shaxsdir. Vatanabe xarakteridagi yana bir yoqqan narsa shu boʻldiki, u emotsiyani aql koʻmagida boshqara oladi va bu uning eng ustun jihati va kuchli qila oladigan yagona vositasidir.

Naoko esa avvaldan koʻp travmaga uchragan, oilasi tomonidan, atrofdagilar tomonidan yetarlicha sevilmagan, qisqa qilib aytganda “broken” obraz. U shu darajada sinib ketgan ediki, hech qachon siniq yaralarini tuzata olmasdi, u hayotda bir tirik murdadek yashadi, unga deyarli hech narsaning qizigʻi yoʻq edi, u shunchaki butunlay yoʻq boʻlib ketishni xohlardi, oʻlim ham endi unga qoʻrqinchli tuyulmasdi. Ammo uni bu hayot bilan bogʻlab turgan bitta zaif ip bor edi - u ham boʻlsa, oʻlimidan soʻng kimningdir xotirasida saqlanib qolishini xohlashidir. Bundan shuni xulosa qilish mumkinki, inson zoti kimlar uchundir muhim boʻlgisi, kimlar tomonidandir sevilgisi keladi, aslida biz shunaqa yaralganmiz - har birimiz ich-ichimizdan, tan olmasakda mehrga muhtojmiz.

Asarda yana boshqa personajlar - Reiko, Nagasava , Midori, Hatsumi kabi odamlar bor. Ularning har birining oʻzining olami va hikoyasi mavjuddir. Murakami bu jihatdan isrofgarchilikka yoʻl qoʻymagan, yaʼni arzimagan detalni ham arziydigan detalga aylantira olgan.

Toru va Naokoning munosabatlari shunday narsaki, bir tomon hayotga boʻlgan muhabbat, boshqa tomoni esa o’z joniga qasd qilishdir. Bu kitobda biri ikkinchisini saqlab qolishga, ikkinchisi esa birinchisining ustidan gʻalaba qozonishga intiladi. Bu shunday kurash maydoniki, odam unda yo bor-budidan butunlay ayriladi yoki qisman ayriladi, ammo ikkala taraf ham ogʻriqlidir. Bu oʻgʻriq keyinchalik yurakning bir tubida bizga xalaqit bermay yashirinib yotsa-da, baʼzida koʻrinish beradi va inson oʻzini bir boʻlagini yoʻqotgandek his qiladi. Bu yerda qiladigan yagona chora esa shunchaki hammasini muvozanatda ushlab turishdir. Hayotimizdagi odamlar bir kun kelib, chiqib ketayotganda oʻzi bilan nimanidir yulib olib ketadi, bizning qalbimizda esa afsus-nadomat qoladi, u bilan butun umr yashashga mahkummiz.

O’qinglar.