“Telba” romani haqida
Anchadan beri ushbu asar to’g’risida nimadirlar yozaman deb yurgandim, nihoyat bugun bunga jur’at qilyapman. Bu yerda aytilajak fikrlar Dostoyevskiyning “Telba” romanida aks etgan qarashlarga monand kela oladimi yoki yo’qmi, o’zi men bu kitobni tushuna oldimmi yo’qmi, bundan qat’iy nazar shunchaki shaxsiy xulosalardan iborat.
Bilasiz, asar murakkab va tahlikali tuzum davrida yozilgan. Ko’pchilik odamlar vijdonni, sofdillikni, insoniylikni, samimiylikni shunchaki “yeb qo’ygan” edilar. Albatta, bunga zamonning qaltisligi ayb emas, chunki insonlarning o’zi o’sha qaltislikni keltirib chiqaradi. Dostoyevskiy shunday “poda” ichidan har qanday vaziyatda ham o’zligini saqlab, ezgulik tomon intila oladigan INSONni qidirgan va buni “Telba” romanida yaratgan bo’lsa, ajab emas.
Uning bosh qahramoni knyaz Lev Nikolayevich Mishkin bir so’z bilan aytganda olti yoshli bolaga o’xshaydi. Uning samimiyligi, nekbin tuyg’ularga oshiqligi uni kishi ko’ziga “telba” qilib ko’rsatadi. Uning atrofini o’rab olganlar knyazni ahmoqqa chiqaradilar, uning shunchaki, hech qanday sabab va manfaatsiz qilingan yaxshiliklarini “telbavor harakat” deb hisoblaydilar. Ammo shu yerda yozuvchining mahorati shundaki, u odamlarning knyaz Mishkinga qarata yog’dirilayotgan ta’nalari (ulardan butun boshli yostiqdek epopeya bitsa bo’ladi, ammo ular hech kimga foyda bermaydi) “qanchalik ahamiyatga molik” bo’lib ko’rinishiga qaramasdan, bosh qahramonimizning obro’sini oxirgacha saqlab qoldi. Ha, knyaz — rahmni keltiradigan darajada mehribon, shafqatli, hamma ko’ngilsiz va keskin voqealarda ham o’zini sipo va oqko’ngil tuta oladigan personaj. Bu odamlarning g’ashiga tegadi, ularning hasadini qo’zg’aydi, yig’latadi va hatto masxara qilishgacha borishadi.
Asarda yozuvchi ahamiyatli va dolzarb hisoblagan masalalar ko’pincha Mishkin tomonidan hikoya qilinadi. Masalan, o’lim jazosiga hukm qilingan insonning so’nggi besh daqiqasi, baxtiqaro Marining ayanchli voqeasi kabilar knyaz o’zi guvoh bo’lgan hodisalar asosida gapirib berilgan. Keyin yana bu yerda e’tiborni tortadigan bitta narsa bor. Knyaz har qanday masalada sipo va xotirjamlik bilan fikr bildirsa ham, ammo asar epizodlaridan birida, din mavzusi o’rtaga tashlanganda, knyaz keskin va shiddatli gaplarni aytadi, g’azablanadi, sarosimaga tushadi, o’ta hayajonlanib ketadi. Uning aytishiga qaraganda har qanday dahriylikning kelib chiqish sababi o’ta taqvodorlikka berilib ketish ekan. Dindorlik tuyg’usini hech qanday ateistik qarashlar bilan yo’q qilib bo’lmasligini go’yoki Mishkin emas, Dostoyevskiyning o’zi gapirib berayotganday… Ko’rinib turibdiki, muallifni chigal din masalasi boshqa narsalardan ko’proq qiziqtirgan, u barcha muammolarning ildizi ana shu chigallikka borib taqalishini tushuntirmoqchi bo’lgan.
Asar, albatta, knyaz Mishkindangina iborat emas. U yerda Yepanchinlar xonadoni—Ivan Fedorovich (kerakli vaziyatda kerakli ishni qila oladigan, kerakli qaror chiqarishni biladigan odam), Lizavetta Prokofevna (o’ta kuyunchak, qizlarini yaxshi yerga uzatib, qutulishni istaydigan obraz, bu bilan u “Andisha va g’urur” dagi missis Bennetga o’xshab ketadi) ularning uch qizi — Aleksandra, Aglaya, Adelaida (hamma qatori qizlar), Ippolit, Nastasiya Filippovna, Ivolginlar xonadoni, Rogojin, Lebedev kabi odamlar “yashaydi”.
Bu personajlardan ko’proq e’tiborimni tortgani chorak asrni ham yashab ulgurmagan Ippolitning o’lim yoqasida turgan paytida odamlar bilan munosabati bo’ldi. Ippolit davosiz o’pka kasaliga chalingan bo’lib, o’z o’limini kutib yashaydi, bir marta o’zini otmoqchi bo’ladi, ammo bu natijasiz tugaydi. U bu voqeadan oldin bir niyati borligini aytgan edi: derazasidan ko’rinib turadigan qo’shnisining devoriga tikilib emas, balki daraxt tagida, tabiat manzarasidan zavq olib o’lishni istardi. Bu insonga hayot unchalik ham beshafqat emasligi eslatib turadi. Unda umringni bersang arzigulik go’zallik va tiriklik, joziba mavjud va inson hamisha bunga muhtoj bo’ladi.
O’qinglar.