Va nihoyat bugun “Qimorboz” romanini tugatdim. Dostoyevskiy ijodida alohida o’rinlardan birini egallaydigan ushbu asar ko’p jihatlari bilan yodimda qoldi. Umuman, inson va uning hissiyotlari, omad haqida chuqur mulohaza yuritilgan desak ham mubolag’a bo’lmaydi.
Inson har bir narsada omadga tayanib ish ko’rishni yaxshi ko’radi. Bir tasavvur qilib ko’rsangiz hayot ham xuddi qimor o’yini kabi. Ba’zida yutasan, ba’zida yutqazasan. Tikadigan narsang qolmadimi, kafangadosan yoki ozodsan. Chunki senda yo’qotadigan narsa qolmadi. Ammo buning yana bir jalb qiluvchi (yaxshi taraf emas) tarafi ham bor: senda istagan payt qimorga qaytib kelish imkoniyati mavjud, ammo senda tikadigan narsa, albatta, bo’lishi kerak.
Asar qahramoni hayoti qaysidir ma’noda Dostoyevskiyniki bilan o’xshash. Bu haqida ba’zi voqealarni o’qigandim: Dostoyevskiy ham bitta kurortga kelganda bor pulini yutqazib qo’yadi, keyin shu asarni yozishga boshqa birovlar bilan garov o’ynaydi. Shu romanni tezroq yozish uchun muallif stenograf Anna Snitkinani yollaydi. Anna keyinchalik uning rafiqasiga aylangan. Dostoyevskiy o’sha payt boshqa qimor o’ynamaslikka qasam ichadi va umrining oxirigacha shu so’zida turadi.
Ha, do’stlar… Sevgi barcha tuyg’ulardan oliyroq,ammo omadbozlik uni ham chetga chiqarib qo’yishi mumkin. Bu narsa qarib quyilmagan kampir Antonida Birnarsayevna (nomi esimda yo’q) taqdirida ham, qahramonimiz taqdirida ham ko’rsatiladi. Ular bor pullarini yutqazib qo’yishadi va yutishadi ham.
Ammo yakun nima? Zavqli mashg’ulot bo’lib tuyulgan ushbu ish shunchaki rasvolikdan o’zga narsa emas.
O’qinglar va qimor o’ynamanglar