Logo
UZ

'Yetti' falsafiy mazmun

• 2 daqiqa mutolaa

Fincherning “Yetti” filmining ssenariysi mukammal. Uni spoyler bilan tushuntirishga harakat qilaman.

Bir kuni bir radikal dindor jamiyat chirib ketgan, insonlar dindan uzoqlashib, razolatga berilib ketayapti, degan qarorga keladi va bunga qarshi kurashishni o‘z oldiga maqsad qiladi. U Injilda ko‘rsatilgan yettita oliy gunohni qiladigan odamlarni namoyishkorona tarzda jazolashga kirishadi. Eng qizig‘i, ularning ichida o‘zi ham bor.

  1. Ochko‘zlik — ochko‘z, juda semiz odamni oshqozoni yorilguncha majburlab ovqatlantirib o‘ldiradi.

  2. Tamagirlik — har qanday jirkanch jinoyatchini pul evaziga oqlab beradigan advokatni tanasidan bir funt og‘irlikdagi go‘shtni kesib oladi. Natijada u qon yo‘qotishdan o‘ladi. (Bu yerda Shekspirning “Venetsiyalik savdogar” asariga otsilka bor. U yerda ham sudxo‘r odam odamlar qarzini bera olmasa, tanasidan bir funt go‘sht talab qiladi, yaxshi asar o’qinglar maslahat)

  3. Dangasalik — halol ish qilishga dangasalik qilib, daromadini narkotik sotish orqali oson pul topadigan dangasani karavotga bir yil bog‘lab qo‘yadi. Uni bir yil boqadi, lekin joyidan turqizmaydi. Harakatsizlikdan qurbon o‘ladi.

  4. Shahvat — fohishalik bilan pul topadigan ayolni boshqa mijoz bilan tig‘ yordamida jinsiy aloqa qildirish orqali o‘ldiradi.

  5. Kibr — go‘zalligi ortidan kibrga berilgan modelning yuziga tig‘ tekkizib, unga tanlov qoldiradi: xohlasang yashashda davom et, lekin endi tasqarasan. Xohlasang, bu dorini ichib o‘zingni o‘ldir. Model o‘limni tanlaydi.

  6. Hasad — bu safar qotil qurbon sifatida o‘zini tanlaydi va detektivning go‘zal hayotiga hasad qilib, uning xotinini o‘ldiradi.

  7. G‘azab — qotil detektivga xotinining boshi solingan qutini beradi va o‘zini o‘ldiradimi yoki yo‘q — qarorini kutadi. Detektiv qotilni o‘ldiradi. Qotil esa maqsadiga erishadi.

Tushunyapsizmi, agar detektiv uni o‘ldirmaganida, qotilning ushbu shoh asari tugallanmay qolardi. Lekin bu narsaga ishonchi komil ekanligi uchun ham u oltinchi gunohga detektivning xotinini tanlab, yettinchi gunohni ham amalga oshiradi. U o‘zini qurbon qilish orqali o‘zining asarini yaratadi.

Film juda og‘ir. Lekin uning og‘irligidan ham ko‘ra, uning mukammalligi go‘zal chiqqan. Har bir detal inobatga olingan. “Zo‘r ssenariy qanaqa bo‘ladi?” deb so‘rashsa, shu filmni ko‘rsatinglar.